Ro`yxatdan o`tish Bosh sahifa
Reklama

“Real”ning xaloskori kim edi: Zidanmi yoki Ronaldu?


Ijtimoiy tarmoqlarda “vaqt shuni ko‘rsatdiki, “Real”ning xaloskori Zidan emas, Ronaldu ekan”, qabilidagi fikrni o‘qibqoldim.

Rosti, shu fikrga qo‘shildim. Ayniqsa, Portugaliya terma jamoasining kechagi Yevro-2020 saralashi doirasida Lyuksemburgga qarshi o‘yinidan keyin.

Mazkur o‘yinda Ronaldu maydonda chinakam sardor ekanligini ko‘rsata oldi. Ronaldu ham yetakchi, ham yetaklovchi. Yetakchi bo‘lish yetaklovchi bo‘lishdan osonroq, yetaklovchi bo‘lish qiyin.

Taqqoslash uchun, Ronalduning azaliy raqobatchisi yetakchilik borasida Ronaldu bilan bellasha oladi, hatto biroz ustundir ham, ammo yetaklovchilik borasida maqtana olmaydi. Ronalduda esa bunday xislat bor.

Zidan davridagi hozir “Real” Zidan davridagi avvalgi “Real”dan birgina jihati bilan farqlanmoqda: maydonda yetakchi, yetaklovchi yo‘q. Zidan murabbiy, u maydonga tusha olmaydi. Ko‘rsatma bergani bilan maydonda uning ko‘rsatmalari bajarilishini zimmasiga oladigan yetakchi, jamoadoshlarini to‘g‘ri joylashtirib, ruhlantirib turadigan yetaklovchi kerak.

To‘g‘ri, “qirollik klubi”da sardor bor, Serxio Ramos, ammo u himoyachi, tabiiyki, hujumkorlik borasida jamoadoshlariga o‘rnak bo‘la olmaydi.Kechagi o‘yinda Ronaldu raqibning kamida 2-3 ta futbolchisini band qildi.

Ya’ni to‘p Ronalduga uzatilayotgan yoki uzatilishi mumkin bo‘lgan paytda, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Krishtianu raqib jarima maydoniga kirgan paytda kamida ikki yoki uchta futbolchi uni qo‘riqladi. Bu esa boshqa futbolchilarga imkon yaratdi. Bernardu Silva gol urayotgan paytda himoyachilar Ronalduni qo‘riqlash bilan band edi.

“Real”da ayni damda ana shunday raqibni band qiladigan futbolchi yo‘q. Azar bitta futbolchini ham aldashga, chalg‘itishga hozircha erishayotgani yo‘q, Benzemada esa bunday xislat azaldan bo‘lmagan. “Real”dan grand jamoaga kamida Ronaldudek yetaklovchi kerak, aslida.

Chindan ham vaqt shuni ko‘rsatdiki, “Real”ning omad kaliti Zidan emas, ko‘proq Ronaldu. Maydonda mavsumda kamida 40ta gol uradigan futbolchi yo‘q ekan, buning o‘rnini Zidan ko‘rsatmasi bilan to‘ldira olmaydi.

U qanchalik aqlli taktika o‘ylab topmasin, qanchalik puxta reja tuzmasin, maydonda uni bajara oladigan ijrochi bo‘lmasa, foydasi yo‘q. Bu yog‘i “Quruq gapog‘iz yirtar” maqolining isbotiga o‘xshab qoladi.

Qishki transferda Florentino Peres ana shu yetaklovchi futbolchi xarid qilmasa bo‘lmaydi. Fransiyalik mutaxassis garchi “Real”ning o‘yinini biroz yaxshilayotgan bo‘lsa-da, baribir, oldinda qiyin o‘yinlar turibdi.

Masalan, hozirgi holatida “Real” “PSJ”ga qarshi o‘yinda juda-juda qiynaladi. Ronaldu bor paytdagi “Real” esa Parij klubidan bir bosh ustun edi.

Hozir esa hatto “Real” muxlislari ham bunday deyishga biroz ikkilanishadi. Shu bois Peres agar qishda va kelasi yil yozida tajribali hujumchi xarid qilmasa, “Real”ning hujumlari gol bo‘lmasdan yakunlanaveradi.


Bu esa jamoani “inqiroz botqog‘i”ga botirishi, Zidanning kursisini qimirlatishi, “Real” uchun vaziyatning yanada og‘irroq tus olishiga olib kelishi mumkin.

Fakt shuki,“Real”ning hozirgi tarkibi La Liga va YECHLni yutish uchun kuchsizlik qiladi.

Manba: www.stadion.uz


Muallif: Zuhriddin |
Teg: Zenedin Zidan, Krishtiano Ronaldu
Iltimos, saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o`zingizga yoqqan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!
Barcha izohlar (1)
Siz yangilikga fikr bildirmoqchi yoki boshqalarni fikrni o'qimoqchi bo`lsangiz, avval ro`yxatdan o`ting!
Hoziroq: Ro`yxatdan o`tish
Reklamaga
Hafta futbolchisi
Federiko Valverde | "Granada"ga qarshi bahsda ajoyib o'yin ko'rsatdi va o'z hisobiga golli uzatma yozdirib qo'ydi. U eng yuqori (7.9) bal to'plab hafta futbolchisi deb topildi.