Ro`yxatdan o`tish Bosh sahifa
Reklama

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...


Ispaniya Superkubogi finalida gollar shousi bo'lmadi, lekin biz Diego Simeone va Zinedin Zidan jamoalarini qanday rivojlantirayotganini ko'rib oldik.

Zidan 5 markaziy yarim himoyachidan iborat taktik sxemani o'ylab topdi. Superkubokning har ikki o'yinida Zidan 5 markaziy himoyachi (yoki Kazemiro orqaroqda, tayanch yarim himoyachisi va 4 yaqqol yarim himoyachi). Bir qarashda "Madrid" odatdagi 4-3-3 taktik sxemasida o'ynayotgandek edi, lekin amalda qanotlarni Fede Valverde va Isko (ko'proq) yopdi va bu o'yin uslubi hamda hujum tashkillashtirishga jiddiy tasir o'tkazdi.

"Valensiya" bilan yarim finaldan so'ng Zidan 5 nafar markaziy yarim himoyachili taktika aynan shu raqib uchun mo'ljallanganligini tan oldi. Va bu ajoyib natija berdi.

CHempionat uchrashuvida (1:1) "Valensiya" "Madrid"ni markazda personal o'yin evaziga qiyin vaziyatga tushirib qo'ygandi. Katta ehtimol bilan Albert Selades Superkubokda ham aynan shu usuldan foydalanmoqchi edi: u 4-2-3-1 taktik sxemasini tanladi va Dani Parexo hujumchi ortiga tushirildi. Bu "Madrid"ning 4-3-3 ga qarshi personal taqib uchun juda qulay bo'lardi.

Amalda esa "Valensiya"ning rejasi butkul ish bermadi. Maydonga bir vaqtda 5 nafar yarim himoyachi tushirilishi, ular odatdagidek markazda erkin haarkat qilishi, joy almashishi Selades sxemasini buzib yubordi. "Valensiya" futbolchilari o'z joyini ochiq qoldirib raqib ortidan ergashsada, "Madrid"ning kamida bitta futbolchisi doim ochiq qolaverdi.

"Real" yarim himoyachilarining nostandart joylashuvi tufayli "Valensiya" personal himoyalanishda qiynaldi – unga hatto vinger Karlos Soler ham qo'shildi (bu esa Dani Karvaxalga bo'sh zona paydo qildi).

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

"Madrid" osonlik bilan bo'sh o'yinchini topar (bu erda Karvaxal hamda uning yordamida hujumni rivojlantirdi) va raqib tayanch yarim himoyasida bo'shliqni vujudga keltirdi:

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

Bunday vaziyat takror va takror vujudga keldi. Zidan jamoasi o'yin tizginini o'z qo'lida ushlab turardi. Birinchidan, "Valensiya" futbolchilari raqib yarim himoyachilarini yopa olishmadi: 3 ga 3 vaziyatda – Valverde va Isko ortiqcha bo'lib qolaverdi. Ikkinchidan, kuchlarni teng qilish maqsadida qanot futbolchilari Soler va Ferran Torres markazga yordamlashsa, Ferlan Mendi va Karvaxal qanotda bo'sh qoldi. Etiborlisi, ularning har ikkisi hujumga hech tortinmay qo'shildi. Uchinchidan, "Madrid" raqib sxemasi bilan istaganicha manipulyaciya qildi.

Bunday fikr nafaqat konkret raqibga mos kelar, balki bazi bonuslarni ham berardi. Birinchisi – chiroyli futbol. Maydon markazida texnik kuchli futbolchilar erkin harakat qilishi, kombinaciyalar soni ko'p bo'lishini bildirardi. Ikkinchisi – sifatli kontrpressing. Yarim himoya vakillari kombinaciya orqali u yoki bu zonaga katta kuch qaratganida, to'p oldirib qo'yilsada, (deyarli hamma) to'p bo'lib turgan zonaga yaqin bo'ladi va darhol pressingga kirisha oladi. Agar ular ichida Valverde va Kazemiro bo'lishini inobatga olsak, kontrpressing kafolatlanadi.

"Madrid" butkul ustunlikka ega bo'ldi va mavsumdagi eng yaxshi o'yinlaridan birini o'tkazdi. Vaholanki, aynan shu raqib bir oy avval Zidanga La Liga doirasidagi o'yinda muammolar vujudga keltira olgandi. Avvaliga bu taktika konkret raqib uchun mo'ljallanganini aytgan bo'lsada, Zizu "Atletiko" bilan o'yinda ham eksperimentni davom ettirdi. Balki, natija uni hayratga solgandir ("Valensiya" bilan o'yindan keyin buning hayron qoladigan joyi yo'q).

"Atletiko"ga qarshi bu deyarli umuman ish bermadi. Birinchidan, Diego Simeone jamoasi maydon markazida personal harakatlanmaydi – "Atletiko" 4-4-2 taktik sxemasida zonalar bo'yicha himoyalanadi (nazarimizda, bu borada ularga teng keladigani umuman bo'lmasa kerak).

Misol uchun bu vaziyat: "Real" raqibni o'ziga tortib, taktik sxema yordamida ustunlikka ega bo'lmoqchi. Lekin "Atletiko" bunga uchmayapti – aksincha, markaz butkul yopib qo'yilgan. Jarima maydoni markazida faqat Luka Yovich bo'lganda bu unchalik qo'rqinchli emas:

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

SHuningdek, Simeone shogirdlari raqibni birinchi bo'limda "Valensiya"ga qaraganda ertaroq (teparoq) qarshi oldi. Maydonda hududiy ustunlik bo'lmasa, yarim himoyachilar erkinligi kutilgan natijani bermaydi.

Birinchi bo'limda "Real" faqatgina bir marta yarim himoyadagi o'yin yordamida qanotda Ferlan Mendiga bo'shliq yarata oldi – himoyachi mahorati evaziga bir raqibini ortda qoldirdi va o'ng oyoqda zarba berdi. Ikkinchi bo'limning ilk daqiqalaridan "Real" o'yinchi almashtirish amalga oshirmay, ko'proq vertikal yo'nalishda harakat qila boshladi – to'p markazda bo'sh o'yinchi qolishini sabr bilan kutmay, tezroq Yovichga etkazila boshladi. O'yin davomida odatiy 4-3-3 sxemasiga qayta boshlandi va uchrashuvni jamoa qanotlarda Rodrigo va Vinisius Junior bilan yakunladi.

Bu taktik sxemadan voz kechish kerak degani emas. SHunchaki Zidan o'zi uchun qo'shimcha malumotga ega bo'ldi. Bazi raqiblarga qarshi o'yinda maksimal darajada mos keladi. Yani "Real"ga qarshi markazda personal harakat qiladigan raqibga qarshi qo'l keladi. Ispaniyada bunday jamoalar etarlicha topiladi. Serji Buskets yaqinda "Barsa" aynan shunday vaziyatlarda muammoga duch kelayotganidan noligandi.

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

Eng muhimi: besh nafar yarim himoyachi – Zidanning bu mavsumdagi qo'llab ko'rayotgan usullarining shunchaki oxirgisi. PSJ bilan o'yindagi gibrid sxema, "Barsa"ni "Kamp Nou"da pressing yordamida tang ahvolga solib qo'ygan markazdagi romb, raqibdan kelib chiqib Kroos-Modrichning Valverdega sherik sifatidagi rotaciyasi – bularning barchasi "Madrid"ni universal jamoaga, Zidanni esa hozirgi kunda Evropaning eng qiziqarli murabbiyiga aylantiradi.

Simeone kuchli raqiblarga qarshi yangi usul o'ylab topdi

Simeone aksincha kompakt joylashuvli 4-4-2 sxemasini yo'lga qo'ydi. Bunda to'p raqibga berib qo'yiladi. Argentinalik katta o'yinlarda aynan shunday o'ynashda davom etishini yaqqol namoyon qildi. "Atletiko"ning ushbu mavsumdagi evolyuciyasining asosiy jihati anderdoglarga qarshi o'yinlarda qo'llanilayotgan usullar, taktik sxemalar, to'pga egalik qilish (hozircha o'yinning malum qismlarida), va hujum strukturasining o'zgacha tuzilishi.

Katta o'yinlarda klassika A rejasi bo'lib qoladi, lekin sekin-asta qo'shimcha, biroz xavfliroq, lekin samarali usul ham paydo bo'lyapti. U ayniqsa "Barsa"ga qarshi o'yinda namoyon bo'ldi (o'yinni o'zgartirib yubordi).

"Atletiko" deyarli 4-2-4 sxemasida joylashdi. Hujumdagi to'rtlik raqib himoyasini esankiratib qo'ymoqda. O'yin Morata orqali tashkillashtiriladi, u pas berishi uchun ikki qanotda ham variant paydo bo'lmoqda. Vitolo, Korrea, Feliks - ularning kamida ikki nafari orqali hujumni rivojlantirish mumkin.

"Real" bilan o'yin davomida Simeone ham ushbu usuldan foydalandi. Bu vaziyatda Feliks hujumni rivojlantirishda orqaroqda ishtirok etdi, Morata qanot futbolchilari hisoblangan Vitolo va Korreadan orqaroqda va to'pni etkazish uchun bir yo'la ikkita varianti bor:

Bu Morataning kuchli jihatlarini ishga solishda to'g'ri qaror. Alvaro to'p uchun kurashib, uni egallagach, tanasi yordamida raqibdan berkita oladi. SHu futbolchi keyingi harakati bilan aniq pasni texnik tomondan ijro eta oladi. SHu sabab bunday vaziyatlarda Morataga qarshi o'ynash juda mushkul. Alvaroni kutib olib, unga yaqinlashmaslik – hujumchi uchun zona va vaqt yaratib berish demakdir; kutib olib, kurashga kirilsayu, himoyachi to'pni olib qo'ya olmasa – himoyada bo'shliq paydo bo'ladi. Optimal variant – kurashga kirib, to'pni olib qo'yish. Lekin eng yaxshilar ham 10/10 yakka kurashda qo'li baland kelmaydi.

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

Bunday vaziyatlarda raqib tez moslashishi muhim. Yoki orqaroq qaytib, raqibni qarshi olishga fursatni poylash, yoki tayanch yarim himoyachini himoyaga yaqinroqqa qaytarish zarur, yoki qo'shimcha himoyachini kurashga tashlash. Agar raqib tezda reakciya bildirmasa, "Atletiko", qarshi hujumni o'tkazib yuborish xavfi ostida qolsada, ustunlikka ega bo'ladi.

Muxlislari baxtiga "Real Madrid"da Kazemiro bor va u bunday vaziyatlarni juda yaxshi sezadi (va Zidan, tayanch yarim himoyachi mehnatini qadrlaydi va muhim o'yin oxirida,, hisob teng bo'lib turganda, tayanch zona vakilini almashtirib yubormaydi). SHu sababli Simeone shogirdlarining joylashuvidagi o'zgarishlar, "Barsa" bilan o'yinda bo'lgani kabi sezilarli natija bermadi.

Bu usul masofada yaxshi ish beryapti: "Atletiko" katta o'yinlarda hisobda ortda qolayotib, avvalgiga nisbatan yaxshiroq reakciya bildirmoqda. "Yuve" bilan o'yinda 0:2 dan qutulib qolishdi, Mauricio Sarri shogirdlariga qarshi ikkinchi o'yinda ham qator imkoniyatlarga ega bo'lishdi, "Barselona" bilan 1:2ni 3:2ga aylantira olishdi. Deyarli har bir o'yinda o'sha usul qo'llanildi.

Tibo Kurtua ajoyib sport formasida

Tibo Kurtua "Real" darvozasiga aniq yo'llangan so'nggi 40 zarbaning 36 tasini qaytardi (90%). O'tkazib yuborilgan to'plarning biri – "Valensiya" bilan o'yinda penaltidan. 1987 yildan buyon ilk bor "Madrid" La Liga birinchi davrasidan keyin bor yo'g'i 12 ta gol (ularning bor yo'g'i 9 tasini Kurtua) qo'yib yubordi.

Musobaqadan avval Zidan belgiyalikni jahonning eng yaxshi posboni deb atadi. Bu nom doimiy ravishda uning ismi bilan birga aytilishi uchun vaqt kerak albatta. Ammo Superkubokdan keyin – bu haqiqatga juda yaqindek tasavvur uyg'onmoqda. Hal qiluvchi o'yinda Tibo 6 ta seyv amalga oshirdi va penaltilar seriyasida bir zarbani bevosita o'zi qaytarishga erishdi.

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

Kurtua, agar zarbalar soni va xavflilik darajasini inobatga oladigan bo'lsak, o'rtacha 3,6 goldan Zidan jamoasini aynan belgiyalik qutqargan. La Ligada faqatgina Aytor Fernandes ("Levante") va Unai Simon ("Atletik"⟩ yaxshiroq ko'rsatkichga ega. Ular 3 ta o'yin ko'proq o'tkazishgan va o'z jamoalari darajasi tufayli ham darvozalariga ko'proq zarba berishadi.

SHu bilan birga Kurtua o'z vaqtida darvozadan chiqib, himoyachilarga yordam berishi zarur pallalarda aksariyat vaziyatlarda kech qolardi. Ammo so'nggi vaqtlarda Tibo bu borada ham ko'rsatkichlarini yaxshilashga erishdi hamda La Liganing o'rtamiyona darvozabonidan eng yaxshisi bo'lishga erishdi.

Valverde o'zi qilmagan xato uchun tovon to'ladi

O'yinning eng muhim pallasi – Valverde 115-daqiqada Moratani yiqitib, raqib 1-1 vaziyatga chiqib ketishining oldini oldi.

Bu epizodning ikki asosiy tomoni bor. Birinchidan, bu "yemagan somsasiga pul to'lash edi". Hujum bunday yo'nalish olishiga sabab bo'lgan xatoni Valverde qilmagandi, u shunchaki sherigi xatosidan so'ng himoyaga qaytishga va o'sha vaziyat uchun eng to'g'ri yo'lni tanlashga ulgurdi (yodingizda bo'lsa, Ganaga qarshi o'yinda shunday harakat bilan Luis Suares yodda qolgandi). Ikkinchidan, Valverde shu uchrashuvning o'zidayoq ko'p bor sheriklari xatosini yopib ketishga ulgurdi, ortga qaytib ulgurdi. Mehnatkashlik - Valverdening kuchli jihatlaridan biri hisoblanadi. SHunchaki bu vaziyatda Fede tanlash imkoni yo'q edi.

Yana bir etiborga loyiq jihat, bu vaziyatga Simeonening munosabati. Valverde maydonni tark etayotganda murabbiy uni yupatgandek elkasiga urib qo'ydi. O'yindan so'ng barchasi oydinlashdi: «Bu o'yinning eng muhim epizodi edi. Men Valverdega u o'sha vaziyatda qilishi kerak bo'lgan ishni bajarganini aytdim. O'zim ham shunday yo'l tutardim. O'yinning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrin unga berilishi ham to'g'ri qaror: Federiko shu vaziyatda jamoasi uchun g'alabani olib keldi", – dedi CHolo.

Zidan qo'l ostida "Real" turli sxemalarda samarali o'ynamoqda, lekin...

Valverde Simeonening bunday so'zlaridan hayron qoldi (eslatib o'tamiz, yarim himoyachi qizil olgan vaziyatda o'yin taqdiri hal bo'lib ulgurmagandi). Urugvaylik bu haqida o'zi so'z ochdi va buni atayin qilganini aytdi. Sababi, negadir hech kim bu haqida, Diegoning bu jihati haqida gapirmayotgandi.

CA nashri - asosida www.hala-madrid.uz uchun maxsus tayyorlandi


Muallif: El Capitano |
Teg: Real Madrid, Zinedin Zidan, Ispaniya Superkubogi
Iltimos, saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o`zingizga yoqqan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!
Barcha izohlar (0)
Siz yangilikga fikr bildirmoqchi yoki boshqalarni fikrni o'qimoqchi bo`lsangiz, avval ro`yxatdan o`ting!
Hoziroq: Ro`yxatdan o`tish
Reklamaga
King of the mach
Federico Valverde | "Atletiko"ga qarshi kechgan Ispaniya Superkubogi final bahsida ajoyib o'yin ko'rsatdi, to'g'ri u gol urmadi. Biroq jamoaning g'alabasi uchun jasorat ko'rsata oldi.