Ro`yxatdan o`tish Bosh sahifa
Reklama
# "Hala-Madrid.Uz" / Telegramda <<<
# Qashqadaryo e'lonlari batafsil...

"Vaqtida ulgurgan Modrich"


O'tgan haftda o'n yillik anana buzildi va “Oltin to'p” Messi va Ronaldudan boshqa futbolchiga berildi.

Shaxsan men bu sovrinni futbolda u qadar muhim hisoblamayman, lekin etibor berishga arzigulik qiziq holat bor. Modrichga sovrin topshirilganidan boshlab, to hozirgacha bu qarorning noto'g'ri bo'lganini, Ronaldu yoki Grizmann, balki boshqa futbolchi haqliroq ekanini aytayotganlarni ko'p kuzatdim. Bilasizmi, bu holat menga umuman so'nggi yillardagi “Oltin to'p”ni aniqlash prinsiplaridagi o'zgarishlar (FIFA sovrini bilan qo'shib yuborilishi) muxlislardagi fikrlashni naqadar o'zgartirib yuborganini ko'rsatgandek go'yo. Axir bir paytlar tirik Zidan, tirik Ronaldino davrida Fabio Kannavaro “Oltin to'p” olganini engil xazm qilib yuborgandik-ku?

2010 yildan boshlab “Oltin to'p” va FIFA so'rovnomasi birlashib ketdi va so'rovnomada jurnalistlar bilan birgalikda murabbiylar, futbolchilar ham qatnasha boshladilar. O'z-o'zidan tanlov prinsiplari boshqa yo'nalishga burildi va qizig'i o'sha paytlarda ham bu o'zgarishni xazm qilish qiyin bo'lgandi. Nega Riberimas, Ronaldu? Nega Inesta emas, Messi? Axir terma jamoa yoki klub bilan sovrinni narigilar yutgandi-ku?

Mana shunday savollar ko'p yangragandi. To'g'ri, hozir Modrichdan farqli ravishda Grizmann yoki Mbappe jahon chempioni bo'ldilar, ammo terma jamoada Modrichning ahamiyati bu futbolchilardan ustunroq bo'lgani, Xorvatiya Fransiyadan ko'ra ancha kamtarona jamoa ekani ham rol o'ynagan bo'lishi mumkin. Demak, so'rovnoma natijalari qaysidir jihatdan o'sha 90-yillarni, Mattias Zammer davrini eslatib yubordi.

Etiboringizga, o'sha 2012 yillarda, so'rov prinTlsiplari xuddi bugungidek, faqat aksincha tarafga o'zgargan paytlarda yozilgan “Vaqtida tug'ilgan Zammer” nomli maqolani havola qilaman. Maqola so'nggidagi xulosamdan tushunish mumkinki, “Oltin to'p” so'rovnomasidagi eski tizimga qaytish, yani sovrin aynan Luka Modrichga topshirilgani menga yoqdi.

"Vaqtida ulgurgan Modrich"

Vaqtida tug'ilgan Zammer

Matias Zammer 1967 yilda, rosa vaqtida tug'ilgan. U 1996 yilda terma jamoasi bilan birgalikda Evropa chempioni bo'lgan. “Hujumkor himoyachi” ampluasini “yaratib”, futbol olamida o'ziga xos to'ntarishni amalga oshira olganligi bilan mashhur. Uning o'yin uslubi, maydondagi taktik harakatlari bir nechta mutaxassislarning tahliliy izlanishlariga asos bo'lgan. Xullas, ajoyib futbolchi, lekin gap bunda emas.

Zammer o'sha 1996 yilda “Frans futbol” tomonidan tasis etilgan “Oltin to'p”sohibiga aylangan, yani Evropaning eng yaxshi futbolchisi deb etirof etilgandi. Qizig'i, aynan o'sha mavsumda FIFA tomonidan aniqlanadigan boshqa sovrin – “Dunyoning eng yaxshi o'yinchisi” maqomiga u emas, braziliyalik Ronaldo loyiq ko'rilgan. Bu ham mayli, Zammer o'shanda uchlikka ham kira olmagandi. Ha mayli, Evropaning eng yaxshisi dunyoda uchlikka kira olmasa nima bo'libdi? Lotin Amerikasi bor buyog'da, deyishingiz mumkin, ammo har ikki sovrin uchun kurashda Zammerning raqobatchilari deyarli o'shalar bo'lganini aytsam-chi? Misol uchun, dunyoning yaxshilari ichida uchinchi o'rinni olgan Alan Shirer ham evropalik-ku, to'g'rimi?

Bu erda eng asosiy jihat, bu sovrinlar egasini aniqlaydigan so'rovnomada ishtirok etadigan ovoz beruvchilarning futbolga nisbatan qarashi tubdan farq qilishini ko'rsatadi. To'g'ri, biz hammamiz bir xil o'yinlarni, o'sha futbolni ko'ramiz. Zammer kabi misollar har doim ham bo'lavermaydi, lekin har qanday sovrin yoki so'rovning mantig'i imkon qadar o'zgarmas va tushunarli bo'lishi kerak deb o'ylayman. Maqola shu haqida.

Demak, “Frans futbol” 1956 yildan beri tasis etib kelgan “Oltin to'p” sovrini mavjud. Turli ko'zga ko'ringan nashrlarda faoliyat ko'rsatadigan jurnalistlar Evropaning mavsumdagi eng yaxshi o'yinchisini aniqlaydilar. Yana FIFAning o'zi 1991 yildan beri “Yilning eng yaxshi o'yinchisi” sovrinini tasis etgandi. Bu so'rovda Evropaning emas, jahonning eng yaxshilari aniqlanadi. So'rovda jurnalistlar emas, barcha terma jamoalarning bosh murabbiylari va sardorlari qatnashadi.

Lekin keyingi sovrin, aslida, status jihatidan, mantiqan olib qaragandada nufuzliroq bo'lishi kerak bo'lsa-da, unday bo'lmadi. Baribir “Frans futbol” tasis etgan mukofotning obro'yi kuchliroq bo'lib qolaverdi. Bunga uchta asosiy sabab bor.

Birinchisi. “Oltin to'p” sovrini uzunroq tarixga ega. Bu muhim faktor. O'z vaqtida futbol olamining afsonalari – Kruiff, Platini, Charlton, Stefano kabi futbolchilar bu sovrinni boshlari uzra ko'tarishgan. Demak, har qanday futbolchi uchun, bilvosita bo'lsa ham o'sha afsonalar bilan bir ro'yxatdan joy olish, qaysidir manoda bellashish, musobaqalashish imkoniga ega bo'ladi.

Ikkinchisi. “Oltin to'p” tasischilari 1995 yilda so'rov tizimiga katta o'zgartirish kiritdilar. Bu qaror sovrinning yanada ommalashishiga olib keldi. Gap shundaki, ilgari bu etirofga faqat evropalik futbolchilargina sazovor bo'lishlari mumkin edi, xolos. 1995 yilda afrikalik Jorj Vea “Oltin to'p”ni oldi. Endi, qaysi mamlakat vakili bo'lishidan qatiy nazar, Evropa klubida o'ynaydigan futbolchi bu sovrin uchun nomzod sifatida qarala boshladi. Agar "Santos”lar vaqti o'tib, dunyoning hamma yulduzlari Evropada o'ynashini nazarda tutadigan bo'lsak, bu so'rovnoma FIFAnikidan deyarli farq qilmay qoldi.

Chunki endi faqat UEFA egidasi ostida o'tadigan turnirlar hal qiluvchi rolni o'ynamasdi. Futbolchi o'zini qaysi turnirda ko'rsatishidan qatiy nazar, agar Evropa klubi azosi hisoblansa, kifoya qilardi. Masalan, 2002 yilgi evrofutbol mavsumida Ronaldo jarohati tufayli deyarli maydonga tushmagan. Lekin jahon chempionatida sog'ayib, terma jamoasi bilan chempion bo'lgan, sakkizta gol urib mundial to'purariga aylangan. Ronaldoning JCH paytida “Inter”ning, so'rov paytida “Real”ning azosi bo'lganligi kifoya qilgan va “Oltin to'p” unga topshirilgandi. Atigi etti o'yin tufayli. Demak, tamoyil jihatidan, 1995 yildan boshlab “Oltin to'p” sohibi deyarli dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomi bilan teng qabul qilina boshlandi.

Uchinchi sabab. FIFA so'rovida qatnashadigan murabbiy yoki futbolchilarning asosiy ishlari boshqa. Yani, ular jurnalistlar kabi, futbol targ'iboti bilan bevosita shug'ullanmaydilar. Demak, so'rov paytida turli noxolis ovozlar ko'paydi. Murabbiylar o'z shogirdlarini yuqori o'ringa qo'ya boshladilar. Shunchalikka bordiki, hatto, aytaylik, Mozambik terma jamoasi bosh murabbiyi dunyoning eng yaxshi futbolchisi sifatida hech kim tanimaydigan futbolchini, o'z shogirdini qo'yardi. Ana undan keyin ikkinchi, uchinchi o'rinlarda Figu yoki Zidan joy olardi. Keyinchalik, bunga barham berildi, murabbiylarga o'z mamlakati futbolchisiga ovoz berish taqiqlandi. Lekin baribir, so'rovnomaga bo'lgan munosabat hammada har xil emasligi tufayli nufuzga putur etdi.

2010 yildan boshlab FIFA so'rovnomasi va “Oltin to'p” sovrini birlashtirildi. Aynan mana shu birlashuv “Oltin to'p” nufuziga salbiy tasir ko'rsatmoqda va turli gap so'zlarga, munozaralarga sabab bo'lmoqda. Nega?

Eng ko'p munozara o'tgan yili kuzatildi. Bilamiz, o'tgan yili jahon chempionati o'tkazilgan. O'rganib qolganmizki, jahon va Evropa chempionati o'tkazilgan yillari, ko'pincha, o'sha turnir qahramonlari yil oxirida “Oltin to'p” uchun asosiy davogarga aylanib keladilar. So'rovga borayotgan jurnalist nomzod tanlashda farqli yondoshsa-da, umumiy natijada shunday bo'lib chiqardi doim. Va buni to'g'ri deb hisoblayman.

Chunki, “Oltin to'p”ni so'rovnomasiga qo'yilayotgan savolning asosi “Joriy yilda kim yaxshi o'ynadi?” bo'lishi kerak. “Umuman kim yaxshi o'yinchi?” emas. Jurnalistlar futbolni mutaxassis darajasida tushunmaydilar. Ularning eng asosiy vazifalari – futbolni kashf etish, futbolni rivojlantirish emas, balki FUTBOLNI QAYD ETISHdir. Shu paytgacha, “Oltin to'p” mana shu qayd etish bilan shug'ullanib kelardi.

Mana, ro'yxatni oching, 1990 yilda Matteus – Germaniya o'sha yili jahon chempioni bo'lgan. 1984, Platini – Fransiya Evropa chempioni edi. 1988 yilda Marko van Basten, 2006 yilda Fabio Kannavaro... Xullas, g'oliblar ro'yxatida tushunarli va qandaydir mantiq bor. Shunday bo'lishi eng to'g'ri yo'l ekanining sababi – misol uchun bir yili falon futbolchi eng zo'r bo'lsa, keyingi yili darrov boshqasi undan zo'r bo'lib qoladimi? Buni qanday o'lchaymiz? Kimning zarbasi kuchli yoki kim zo'r dribling qiladi, yo kim ko'p gol uradi – bular o'lchov emasku, to'g'rimi? Himoyachilar bor, darvozabonlar bor, ularni hujumchilar bilan qanday solishtiramiz? FunkTsiyalar butunlay boshqa! Demak, jurnalistlar bu borada to'g'ri yo'ldan borishadi va jamoalarning muvaffaqiyatidan kelib chiqib, tanlovni osonlashtirib olishadi. 2006 yilda Kannavaro Zidan yoki Ronaldinodan juda ko'p jabhada orqada qolishi aniq edi, lekin so'rov natijasida mantiq bor edi. Italiya – chempion.

Xo'sh, 2010 yilda nima bo'ldi? Evropa Chempionlar ligasida “Inter” g'olib chiqdi. Jamoa sardori va etakchisi – Uesli Snayder. O'sha Snayder terma jamoasi bilan Jahon chempionati finaligacha bordi. Yana Forlan degan futbolchi o'rtamiyona Urugvayni elkasida ko'tarib, yarim finalgacha sudradi. Muhim gollarni urdi. O'sha Forlan Evropa Ligasini ham yutgandi, aytgancha. Xo'p, Ispaniya jahon chempioni bo'ldi. Tiqilib yotibdi nomzodlar. Agar “Rossi mantig'i” bilan o'lchasak, Vilya juda ko'p hal qiluvchi gollarga muallif edi. “Matteus mantig'i” bo'yicha Xaviga teng keladigani yo'q. Mabodo, “Toyota mantig'i”ni ishga solsak, finaldagi gol muallifi Inesta tengsiz. So'rovnoma natijalari chiqqanda, muxlislar hech qaysi mantiqni topa olmadilar va Messining ikkinchi “Oltin to'p”i munozaralarga sabab bo'ldi.

Yo'q, Messining istedodiga shubha yo'q, yuqoridagi sanalganlardan ko'ra kuchliroq futbolchi ekanini men ham tan olaman, ularning o'zi ham inkor etmaydi. Lekin bu erda asosiy ziddiyat o'sha ilgarigi “Oltin to'plar”da kuzatilgan mantiqning o'rtadan ko'tarilgani bo'ldi. Bu sovrinda mantiq qolmasligi esa, uning nufuziga soya solishi shubhasiz. Sababni esa yuqorida aytdim. O'tgan yildan boshlab, “Oltin to'p” FIFA so'rovnomasi bilan birlashtirib yuborilgandi va endi so'rovnomada murabbiy va futbolchilarning ham ovozi etiborga olinmoqda.

Murabbiylar esa futbolga nisbatan munosabat borasida jurnalistlardan tubdan farq qiladilar. Ular futbolni chuqur tushunadilar, boshqacha ko'radilar. Jurnalistlar baribir o'yinning protokoliga bog'lanib fikr yuritadilar. Jurnalistlar bazida umumiy tarzda muvozanatni ham saqlab ketishadi. Uch safar Xavi Messidan biroz ortda qoldimi, demak, Messi yana olar, Xaviyagayam bo'lsin, deyish ham aynan jurnalistik mantiq. Yoki o'tgan yili Messi emas, Xavi olishi kerak edi, endi bu yili teskari bo'lsin, deb ketaveradiganlaram jurnalistlar.

Murabbiylar uchun esa, futbolchilarning maydonda o'z funkTsiyasini qanchalik darajada uddalashi muhimroq. Bir o'yinda umuman gol urmagan, vaziyat yaratmagan hujumchini jurnalistlar er bilan bitta qilishsa, murabbiy “topshirilgan qandaydir vazifani alo darajada uddalaganini” ko'ra oladi. Bu shubhasiz. Ular uchun qaysi yili kim chempion bo'lgani, kim nechta gol urgani umuman muhim emas. Murabbiylar uchun futbolning rivoji, yangi sxemalar, taktikalar, yo'nalishlarni kuzatib borish muhim.

Ana endi bu qaysar “chollarga” Snayder EChLni olganini yoki Forlanni tushuntira olasizmi? Yoki Xavi ikki yildan beri yaqin kelyapti, shu safar unga beraylik, bir nimalik bo'lib qolsin, deya olasizmi? Hech qachon! “Messi zo'r-ku!” degan javobni olasiz. “To'g'ri, u zo'r, bilaman. Lekin u terma jamoasi bilan yuta olmadi hech narsani. “Barselona” Snayderning jamoasiga yutqazdi!” deb etiroz bildirasiz. Javob o'laroq, “Baribir Messi zo'r-ku” degan etirozni eshitasiz. Va u ham o'z holicha haq bo'ladi.

To'g'ri, Messi zo'r. Bu faqat murabbiylar nazdida emas. Istalgan muxlisdan, hatto u “Real”ning ashaddiy ishqibozi bo'lsa ham, so'rang – jamoangizga Messi kelgani yaxshimi yoki Snayder? Albatta, Messini tanlaydi. Murabbiy ham, ro'yxat ichidan eng yaxshilarni tanlar ekan, uning statistikasiga ham qaramaydi, aynan o'sha yilda nimalarni yutib olgani bilan ishi yo'q. Umuman tanlov paytida u malum bir yilni belgilab ham olmaydi. Ayni pallada kimni eng yaxshi o'yinchi deb hisoblasa, o'shani belgilayveradi. O'z holicha u ham haq. Ammo bu tarzda aniqlanib topshiriladigan “Oltin to'p”ning nufuzi keyinchalik tushib ketmaydimi? Yo'q, bir necha o'n yildan keyin oldingi ro'yxatning davomi sifatida alohida jihatni anglatmasdan ko'rk berib turar. Mana shu yillar “Messi davri” bo'lgani haqidagi qandaydir xulosani ham taqdim etar balki. Lekin bu Ronaldudan boshqa futbolchilarning imkoniyatini nolga aylantirmayaptimi? Imkoniyat yo'q bo'lgan joyda esa, tulki ham uzumdan kechgandi, Krilov masalida. Zammerlar, Nedvedlar endi hech qachon “Oltin to'p”ni olisholmaydimi?

2012 yil futbol yili bo'ladi. Balki Evropa Chempionlar ligasini “Bavariya” olar. Bo'lishi mumkin. Evropa chempionatida g'alaba qozonish imkoniyati Angliyada ham bor. Yoki Italiya va Gollandiyada. Shunday bo'ldi ham deylik. Baribir yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida Messi etirof etiladi. Yoki Ronaldu! Chunki, ular zo'r-da! Menga yoqmadi...

Tribuna nashridan Qahramon Aslanov www.hala-madrid.uz uchun maxsus!


Muallif: El Capitano

Teg: Luka Modrich, Oltin To'p
Iltimos, saytimizning ravnaqi yo’lida o’zingizga yoqqan xabarni ijtimoiy tarmoqlardagi do’stlaringiz bilan o’rtoqlashing!
Barcha izohlar (1)
Siz yangilikga fikr bildirmoqchi yoki boshqalarni fikrni o'qimoqchi bo`lsangiz, avval ro`yxatdan o`ting!
Hoziroq: Ro`yxatdan o`tish
Reklamaga
Hafta futbolchisi
Karim Benzema | "Real Madrid"ning o'tgan mavsumdagi to'purari bo'ldi. Shu boisdan Benzemani yangi mavsum startiga qadar, o'tgan mavsum qahramoni deb hisobladik!