Yangi yilning ilk haftasidan toliqqan bo'lsangiz, ushbu anonsni o'qing-da va Ispaniya chempionatini kuzatishda davom eting. Boshlanajak 18-tur oldidan esa biz o'tgan turni birrov eslab o'tamiz. Xo'sh, 17-turda nimalar bo'ldi?
“Betis” jamoasi “Sevilya”ni o'z maydonida qabul qildi hamda 1:1 hisobida durangga imzo chekdi. “Selta” mehmonda Madridning “Real”iga qarshi bahs olib bordi va 2:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Madridning boshqa bir jamoasi “Atletiko” safarda “Alaves” mehmoni bo'ldi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda “Atletiko Madrid” 1:2 hisobida g'alaba qozondi. “Barselona” “Ueska”ga qarshi safardagi bahsda kichik – 0:1 hisobida ustun keldi. SHu va boshqa natijalar bilan yakuniga etgan La Liganing 17-turidan so'ng endi oldinda 18-tur kutib turibdi. Darvoqe, hafta o'rtasida “Atletik Bilbao” – “Barselona” jamoalari 2-turning qoldirilgan o'yinini o'tkazishdi. Gollarga boy bo'lgan uchrashuvda kataloniyaliklar 2:3 hisobida g'alabaga erishdi.
18-turning qiziqarli kechishi kutilayotgan o'yinlari anonsi bilan esa quyida tanishing.
Turning dastlabki o'yini: “Selta” – “Vilyarreal”
O'tgan turda mehmonda “Real”ga mag'lub bo'lgan “Selta” o'z uyida “Vilyarreal”ni qabul qiladi. Mehmonlar esa 17-turda “Levante”ni 2:1 hisobida mag'lub etishdi. Ayni vaqtda, turnir jadvalida 5-o'rinni egallab turgan “Vilyarreal”ning “Selta” bilan orasidagi ochkolar farqi 6 tani tashkil etadi. Ikki jamoa ham o'zidan bitta yuqoridagi jamoadan atigi 1 ochkoga ortda qolmoqda. Ushbu o'yindagi g'alaba esa ularni bir pog'ona yuqoriga siljish imkonini berishi mumkin. “Selta” – “Vilyarreal”o'yini 8 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi.
O'zaro o'yinlar: Ushbu bahs jamoalarning o'zaro 31 o'yini bo'ladi. O'tkazilgan uchrashuvlardan 13 tasida “Selta”, 11 tasida esa “Vilyarreal” jamoasi ustun kelishgan. 6 bahs esa durang bilan yakuniga etgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: David Xunka, Serxio Alvares, Kevin Vaskes, Emre Mor (“Selta”). Pako Alkaser, Alberto Moreno, Francis Koklen, Mario Gaspar, Visente Iborra (“Vilyarreal”).
Qatorasiga ikkinchi bor grand jamoaga qarshi o'ynaydigan “Atletik Bilbao” “Atletiko Madrid” mehmoni
CHorshanba kuni bilbaoliklar “Barselona”ni o'z maydonlarida qabul qilishdi va mag'lubiyatga uchrashdi. Jamoa mazkur bahsga esa raqiblariga qaragan birmuncha charchoq bilan etib keladilar. “Atletiko”ning ishlari chakki emas. Jamoa turnir jadvalida peshqadam, taqibchisidan 2 ochko oldinda va eng muhimi 2 o'yin kam o'tkazgan. “Atletik” esa jadvalning o'rtasida joylashgan – 9-o'rinda. 21 ochko to'plagan jamoaning ochko yo'qotishga haqlari yo'q. Murosasiz kechishi kutilayotgan ushbu o'yin shanba kuni soat 20:15 da boshlanadi.
O'zaro o'yinlar: Jami o'tkazilgan 180 o'yindan 84 tasini “Atletiko Madrid”, 65 tasini “Atletik Bilbao” yutgan. 31 uchrashuv esa durang bilan yakunlangan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Ektor Erera, Xose Ximenes (“Atletiko Madrid”). Peru Nolaskoayn, Unay Lopes, Eray Alvares (“Atletik Bilbao”).
“Granada” “kuchli uchlik”ka qaytgan “Barselona”ni qabul qiladi
“Ko'k-anorranglilar” asta-asta o'zlariga kelib olishmoqda. Uzoq tanaffusdan so'ng yana “kuchli uchlik”ka kirgan “Barselona” ushbu uchrashuvga yaxshi kayfiyat bilan etib kelishmoqda. 17-turda “Ueska”ni, hafta o'rtasida esa “Atletik Bilbao”ni mag'lub etgan jamoa 7-o'rinda bo'lishiga qaramasdan, o'tgan tur o'zidan ancha pastda turgan “Eybar”ga mag'lub bo'lgan “Granada” bilan bellashuvda qiyinchilikka uchrashi mumkin. Sababi, mehmonda kechadi uchrashuv va bu safar ham endi “Granada” mag'lub bo'lsa egallagan o'rnini yo'qotib qo'yishi mumkin. Bularning barchasi qanday yakun topishini esa 9 yanvar kuni 22:30 da boshlanadigan o'yin ko'rib, bilib olamiz.
O'zaro o'yinlar: La Liga doirasida kechgan 48 o'yinning 38 tasida “Barselona” zafar quchgan bo'lsa, 6 tasida “Granada”ning qo'li baland kelgan. 4 o'yinda jamoalar murosa ko'chasini tanlashgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Anxel Montoro, Neyder Losano, Darvin Machis, Luis Milya, Kini (“Granada”). Ansu Fati, Serxi Roberto, Jerar Pike, Filippe Koutino (“Barselona”).
“Real Madrid” autsayder “Osasuna” mehmoni bo'ladi
17-turda “Selta”ni mag'lubiyatga uchratgan Madridning “Real”i autsayder jamoa bilan 18-turda o'ynashini bilib xotirjamlikka berilishi to'g'ri emas. “Osasuna” o'tgan tur “Real Sosedad” bilan durang o'ynadi. Sosedadliklarning oxirgi vaqtlar ochko ulashayotganini hisobga olmasa hamda “Osasuna” o'sha bahsni mehmonda o'tkazganini takidlasak, “Real Madrid”ga bosh og'riq bo'lish ehtimoli bor. Qisqasi, bularning barchasiga shanbadan yakshanbaga o'tar kechasi 01:00 da guvoh bo'lamiz.
O'zaro o'yinlar: 80 ta o'yinning 51 tasi “Real Madrid”ning g'alabasi bilan tugagan bo'lsa, 13 tasida “Osasuna”ning qo'li baland kelgan. Qolgan 16 ta bahsda durang qayd etilgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Darko Brashanac, CHimi Avila, Lukas Torro (“Osasuna”). Serxio Ramos, Rodrigo (“Real Madrid”).
2 ochkolik farq: “Valyadolid” – “Valensiya”
Quyi pog'onalarda kurash olib borayotgan mazkur jamoalarning orasida 2 o'rin va 2 ochko farq mavjud. “Valyadolid” 17 uchrashuvdan 18 ochko jamg'argan bo'lsa, “Valensiya” xuddi shuncha o'yinda 16 ochko qo'lga kiritgan. Valensiyaliklarning mag'lubiyati ularni xavfli zonaga tushirib qo'yishi mumkin bo'lsa, “Valyadolid” ochko yo'qotadigan bo'lsa jamoaning ahvoli yanada qiyinlashish ehtimoli yuqori. 10 yanvardan 11 yanvarga o'tar kechasi 01:00 da boshlanishi rejalashtirilgan o'yinda qanday natija qayd etilishini ko'ramiz.
O'zaro o'yinlar: La Ligada bugungi kunga qadar o'tkazilgan 86 o'yinning 24 tasi “Valyadolid”, 39 tasi “Valensiya”ning ustunligi bilan yakuniga etgan. 23 uchrashuv esa durang bilan yakunlangan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Xoakin Fernandes, Fabian Orelyana, Kiko Olivas, Raul Garsiya, Markos de Souza, Saydi Janko (“Valyadolid”). Gabriel Paulista, Yasper Sillessen (“Valensiya”).
18-turda shuningdek, quyidagi uchrashuvlar ham o'tkaziladi:
09.01-18:00 (Tshv) “Sevilya” – “Real Sosedad”
10.01-18:00 (Tshv) “Levante” – “Eybar”
10.01-20:15 (Tshv) “Kadis” – “Alaves”
10.01-22:30 (Tshv) “Elche” – “Xetafe”
11.01-01:00 (Tshv) “Ueska” – “Betis”
Oldinda bizni kutayotgan turlar yanada qiziqarli kechishi aniq, hozircha esa mazkur tur o'yinlarini kuzatib boring, qadrli futbol ixlosmandlari.
"CA" — nashridan Og'abek Samisov maqolasi www.halamadrid.uz uchun maxsus tayyorlandi.
Комментировать статьи на сайте возможно только в течении 20 дней со дня публикации.