«Real» Hakimiyni sotib yuborib xato qilganmi?

«Real» nega Ashraf Hakimiydan voz kechgan, bu katta xatolardan biri bo‘ldi, degan fikrlarni ko‘p eshitaman va qo‘shilmayman. Madridda Hakimiy raqobatda Karvaxaldan yutqazardi, baribir.

Gap bu yerda Karvaxal Hakimiydan kuchli ekanida emas. Boshqacha ekanida.

Har qanday jamoaga qarasangiz qanot himoyachilari o‘ziga yarasha muvozanat bilan tanlanishiga guvohi bo‘lamiz. Odatda, ulardan biri tajovuzkor, oldinga ko‘p chiqadi, ikkinchisi esa, ko‘proq pozisiyani ushlaydi, umumiy sxemaga amal qiladi va kerak bo‘lganda, ortdagi uch himoyachidan biriga aylanadi. Faol qanotdan ko‘proq jarima maydoniga yorib kirish kuzatilsa, qarshi qanotdagi himoyachi ko‘proq krosslar amalga oshiradi.

Qanot himoyachilarining xarakteri hatto vingerlar tanlashda ham rol o‘ynaydi. Masalan, faol himoyachi bilan teskari ish-oyoqli, ya’ni chap tomonda o‘ng oyoqda o‘ynaydigan vingerlar tanlanadi. Chunki ular ko‘p hollarda markazga o‘tib, himoyachiga kirish koridorlari ochadilar. Narigi qanotda esa, maydon oxirigacha to‘pni olib borib, pas beradigan klassik vingerlar tanlanadi. «Real»da ham Marselo bilan Ronaldu, keyin Azar tanlangan bo‘lsa, Karvaxal qanotida Di Mariya, Beyl kabi futbolchilar to‘p surgan.

«Real» Marselo (Ronaldu uchun) tufayli, hujumkor tomon sifatida chapni tanlagan. Karvaxal esa, o‘sha muvozanatni saqlash uchun ideal himoyachi edi. Hakimiyning hujumdagi faolligi uchun tanlash tarkibda muvozanatni izdan chiqarishi mumkin edi. To‘g‘ri, Karvaxal jarohatlar oldi, Marselo ham, hatto Vaskes himoyachiga aylanib ketdi, lekin idealda baribir «Real»da o‘ng qanot himoyachisi - Karvaxal.

«Real» yosh e’tibori bilan aynan Marseloni almashtirishga ehtiyoj his etgan. Chap qanotda Regilon, Mendi kabi tajovuzkor futbolchilarni sinab ko‘rayotgandi. Bunday paytda o‘ng qanotda barqarorlik muhim, u yerda ham Hakimiy bilan eksperimentlar qilish holatni qiyinlashtirardi. Chap qanotga integrasiya bo‘layotgan yangi futbolchi uchun narigi qanotdagi himoyachi juda muhim. Hakimiy va Karvaxal bir-biriga o‘xshamaydigan futbolchilar. Tabiiyki, ulardan qaysi biri maydonga tushishiga qarab, talablar o‘zgaradi.

Ashraf Hakimiy uch markaziy himoyachili «Inter», bu haqida o‘ylash ehtiyoji bo‘lmagan «PSJ»  yoki Bundesligadagi «Borussiya»ga ideal tushishi mumkin, lekin «Real» chap qanotni almashtirayotganda, Karvaxal o‘z o‘rnida bo‘lishi talab etilgan.

Qahramon Aslanov — www.halamadrid.uz uchun maxsus.


0 0

Saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o'zingizga yoqqan yangilikni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!

Izoh qoldirish

Оставить комментарий

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив