-

Prevyu. "Real Madrid" vs "Borussiya M"

Bugun yana bir TOP o'yin bo'lishi kutilmoqda.
Madridda ECHL guruh bosqichi so'nggi tur doirasida "Real" Germaniyaning "Borussiya Menxengladbax" jamoasini qabul qiladi. 

Bu uchrashuvda mezbonlarni faqatgina g'alaba qoniqtiradi, ammo mehmonlar ham bo'shashishlariga imkon yo'q. 

Bizni murosasiz, qiziqarli va umid qilamizki, gollarga boy o'yin kutib turibdi. 

Guruhdagi vaziyat

Ushbu guruh shubhasiz ECHLning bu mavsumida eng murosasiz va og'ir guruhi nomiga asosiy nomzodlardan. Bugun oxirgi tur o'yinlari bo'lib o'tadi va ayni pallada 1-o'rindagi jamoa "Borussiya M" pley-offsiz qolib ketishi, oxirgi o'rindagi "Inter" bugun g'alaba qozonsa, hech qanday muammosiz keyingi bosqich yo'llanmasiga ega chiqishi mumkin. 

Qizig'i, dastlabki ikki turdan so'ng bu ikki jamoa hisobida (umumiy hisobda) 3 ochko bor edi. Biroq keyin har ikki klub o'zi uchun qulay raqiblarni ikki martadan taslim etishdi – Gladbax uchun "konchilar" shunday raqib bo'lgan bo'lsa, "Real" Antonio Konte shogirdlarini xafa qilishdi. 

"Real Madrid"

1. Zidan taqdirini hal qiluvchi o'yin? "Madrid"da hozir hammasi "yonmoqda". Tarkibdagi yo'qotishlar, Ramosning shartnomasi, kutilmagan mag'lubiyatlar va transfer bozoridan to'xtovsiz yangiliklarni kuzatishga ulgurish qiyin bo'lib qolmoqda. SHunday bo'lsa-da, aynan "qaymoqranglilar"ning natijalari va bosh murabbiy Zinedin Zidanning taqdiri muxlislar auditoriyasi etiborini tortmoqda.

Bu mavsum pandemiya sabab shu qadar avvalgilariga o'xshamaydiki, vaziyat taqozosi sabab ijobiy natijaga erisha olmayotgan klublarni osongina tanqid qilishimiz mumkin. "Real" mavsumning o'tgan qismida hozircha ishonchli o'yini bilan muxlislarini xursand qila olmayapti – jamoa uch marta qatorasiga kamida 2 o'yinlik g'alabasiz seriyani qayd etdi. "Qirollik klubi" mezbonda ham, mehmonda ham mag'lub bo'ldi, kamtar "Kadis" va "Alaves"ga ham, yaqin o'tmishning top jamoasi "Valensiya"ga ham yutqazib ulgurdi. SHunday bo'lsa ham, "Madrid" La Ligada 4-o'rinda bormoqda. Mavsum og'irligini isboti sifatida "Barselona" 9-pog'onada ekanligini keltirish kifoya nazarimizda. Messining ehtimoliy ketishi, Leoning kayfiyati yo'qligi "ko'k-anorranglilar" bu qadar pastlashiga bahona bo'la olmaydi.   

Prevyu. "Real Madrid" vs "Borussiya M"

Biroq poytaxtliklarning omadsizligi ayniqsa ECHLda sezilmoqda, "SHaxter"dan ikki mag'lubiyat va Germaniyada so'nggi soniyalarda qo'lga kiritilgan durang. Natijada biroz kulgili tuyulsa-da, "Real Madrid" Evropa Ligasiga yo'l olishi mumkin. Hozircha bunday bo'lmadi va katta ehtimol bo'lmaydi ham, lekin odatda muddatidan avval masalani hal etib qo'yadigan grandning "ketmoni uchmayotgandek". Florentino Peres hozircha keskin fikrlar bildirmayapti, ammo bu qachongacha davom etarkan? OAV vakillari bu uzoqqa cho'zilmasligi va Zidan ishini Maurisio Pochettino diqqat bilan kuzatayotgani haqida bong urmoqda. 

"Madrid"ning chinakam muxlislari yaxshi bilishadi Zidan nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi o'yinda ochko yo'qotib qo'yishi mumkin, lekin top raqiblarga qarshi o'yinga kutilmagan rejalar tayyorlay biladi. Omadsiz deyilayotgan mavsumda ham "Real" Klasikoda g'olib bo'ldi, "Inter"ni ikki marta yutdi va oxirgi turda "Sevilya"ni engdi. Endi esa Gladbax bilan bellashuv.

2. "Real" etakchilari qaytmoqda. Bir hafta avval "SHaxter"ga qarshi o'yinda Zidan qo'l ostidagi tarkib optimal ko'rinishda emasdi. Markazda tajribali Modrich va Kroos juftligi qolgan top futbolchilarning yo'qligini yopib ketishga kifoya qilmadi. Oxirgi o'yinlarda "Madrid"ga ayniqsa himoyada ishonchli o'yin etishmayapti.



"SHaxter"ga qarshi himoyada sardor Serxio Ramos yordam berolmagandi. Serxioning nafaqat o'zi ishonchli o'yin ko'rsatishi balki sheriklarini ruhan qo'llab-quvvatlashiga alohida tarif shart emasdek. Qo'shimchasiga tanyach zonasida himoyachilarga katta yordam beradigan Kazemiro ham o'sha kuni o'yinni chetdan tomosha qilgan. Federiko Valverde – pressing uyushtirishda va hujumni tashkillashtirishda o'ta muhim futbolchiga aylanib ulgurgan yigit.

Ramos va Kazemiro bugun asosiy tarkibga qaytsa kerak. Valverde esa hali to'liq tayyor emas. SHuningdek, Zidan qo'l ostida almashtirilmaydigan Karim Benzemadan tashqari hujumchi qolmadi. Kuni-kecha serbiyalik Luka Yovich ham jarohat oldi. Lekin o'ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal safga qaytishga juda yaqin. 

"Borussiya M"

1. So'nggi pallada Gladbax hamma ishni dabdala qilib qo'ymasmikan? Menxengladbaxning "Borussiya"si uzoq yillardan buyon o'tgan asrdagi salobatini bo'lmasa-da, yana TOP darajaga qaytishga va Germaniyaning o'zida dortmundlik "adashi" soyasidan chiqishga harakat qiladi. Aqlli boshqaruvchi oxirgi o'n yillikda jamoa sezilarli o'sishga erishishida muhim rol o'ynadi, lekin har safar loyihani muvaffaqiyatli yakunlash uchun nimadir etishmay qolaveradi – bazan moliyaviy muammolar, bazan mahoratli futbolchilar etishmasligi.



Gladbax jon deb uchinchi yoki to'rtinchi o'rindan ECHLga yo'llanma olardi, lekin pley-off orzuligicha qolib ketayotgandi. Hozir esa bir qadam qoldi va barchasi nemislarning o'z qo'lida. Jamoa chindan chiroyli futbol namoyish qilmoqda, lekin doim ham kerakli natija qayd etolmayapti – mavsumda 16 o'yinda bor yo'g'i 7 g'alaba.

Etiborlisi, faqat bir marta Dortmundga yaqqol mag'lub bo'lishdi, qolganlarida biroz omad etishmagan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Uyda "Real" bilan o'yinda tayyor g'alabani qo'ldan chiqarishdi, "Inter" bilan har ikki safar hisobda oldinda borayotgandi, chempionatda esa "Bayer"dan uchralgan mag'lubiyat (3:4) va "Augsburg" va "Frayburg" bilan alamli duranglar. Gladbax juda ko'p majburiy bo'lmagan xatolarga yo'l qo'ymoqda va bu muammoni hozir, bugun, Madridda hal qilish zarur.

2. Florian Noyxaus – Roze jamoasining asosiy qaxramoni. Mehmonlar Madridga deyarli to'liq kuch bilan kelishmoqda. Faqat ikki muhim futbolchi bo'lmaydi – chap qanot himoyachisi Rami Bensebaini va xavbek Yonas Xofmann. Ularning birinchisini tezligiga qaramay, almashtirish imkoni mavjud, biroq ikkinchisini alishtirish juda murakkab – Xofmann jamoada hal qiluvchi paslar, zarbalar va dribling bo'yicha etakchilardan biri edi. 



Muhim pallada uni yo'qotish yoqimsiz, lekin Marko Roze ixtiyorida Florian Noyxaus bor. U o'z tengqurlari ichida qitaning eng yaxshilaridan biri sifatida qaralmoqda va top jamoalar etiborini tortdi. Florian to'p bilan ko'p muomalada bo'lib, o'yin borishini boshqarmoqda. 

Tarkib va taktik sxema 
Taxminiy tarkiblar



Futbolchilar safga qaytishi natijasida Zinedin Zidanda tanlash imkoniyati paydo bo'lmoqda. Katta ehtimol u 4-3-3 taktik sxemasiga qaytsa kerak. Asosiy tarkibda Karvaxal tusha olmasligi haqiqatga yaqinroq va shu jihatni inobatga olib, o'ng qanot himoyasida Lukas Vaskes o'yinni boshlasa kerak. Serxio Ramos esa tarkibga qaytadi va Varan bilan juftlikda himoya markazidan joy egallaydi. Tayanch zonasida sariq kartochka olsa, keyingi uchrashuvni o'tkazib yuborish xavfi bo'lsa-da, Kazameroni kutish o'rinli. SHuningdek, Modrich va Kroossiz ham ish bitmasa kerak. Oldinda Benzemaga qanotdan Marko Asensio va Vinisius yordamlashadi.

Xofmanning jarohatidan keyin Marko Roze ko'proq 4-2-3-1 taktikasidan foydalanmoqda. Himoyada pas o'ynashni qoyillatadigan Niko Elvedining bu o'yinda ishtirok eta olishi katta so'roq ostida qolmoqda. SHunday bo'lsa-da, aksariyat nashrlar shveycariyalikni asosiy tarkibda tushishini taxmin qilishmoqda. CHap qanotda tajribali Oskar Vendt. Tayanch zonasida odatga ko'ra Noyxaus va Kristof Kramer tandemi. Hujumda ham o'rganib ulgurganimiz – SHtindl forvard Pleaning ortida, qanotlarda esa Lazaro va Tyuram harakat qiladilar.

"CA" — nashri asosida tayyorlandi.


0 0

Saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o'zingizga yoqqan yangilikni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!

Информация
Комментировать статьи на сайте возможно только в течении 20 дней со дня публикации.