Ro`yxatdan o`tish Bosh sahifa
Reklama

Na Azar na Neymar. "Real Madrid" kimlarni sotib oldi?


Navbatdagi transfer bozori juda qizg'in bo'lishi kutilgan edi. Aniqroq aytadigan bo'lsak, futbol nahangi "Real Madrid" transfer bozorini portlatishini kutgan edik.

Angliya grandlari doimiy xaridlar poygasini davom ettirmoqda, buning ustiga, jahon chempionatidan keyin bir qator yulduzlarning munozaralar markaziga chiqib olishlari taxmin qilingandi.

Neymar, Eden Azar kabi futbolchilarning transferlari hal bo'lgandek, Keyn, Saloh, Alli, Dibala, Mbappe kabi yangi davr yulduzlarining ham klub almashtirishi kutilayotgandi.

Amalda esa Krishtianuning kutilmaganda Turinga ketib qolganini aytmasa, bu safargi transfer bozori ham "Qirollik klubi" muxlislari uchun sokinlik bilan o'tmoqda.

Na Azar na Neymar. "Real Madrid" kimlarni sotib oldi?

"PSJ" yoki Angliya klublaridan yulduzlarni tortib olish endi hatto "Real Madrid"ga ham oson ish emasligi ko'rinib qoldi. Natijada, biz ispan grandining bir qator kutilmagan transferlariga guvoh bo'ldik.

Bir qaraganda, u qadar jalb qilmaydigan oddiy transferlar, ammo yaxshilab nazar solsak, bu yosh futbolchilar nafaqat kelajakda, balki shu mavsumdayoq yorqin o'yin ko'rsatishlari va futbol olamining yangi yulduzlariga aylanishlari mumkin.

ALVARO ODRIOSOLA («Real») – 30 million evro

Na Azar na Neymar. "Real Madrid" kimlarni sotib oldi?

Odriosolani aksariyat futbol muxlislari aynan "Real Madrid"ga transfer qilinganidan so'ng tanigan bo'lishsa-da, La Ligani yaqinroq kuzatadiganlar uchun begona nom emas. Ispaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Lopetegi 2018 yilgi jahon chempionatiga boradigan tarkibda o'ng qanot himoyasiga ikkinchi nomzod sifatida Ektor Bellerinni emas, aynan Alvaroni tanlaganining o'ziyoq ko'p narsadan dalolat beradi. Lopetegi Madrid grandi boshqaruviga kelgach esa, uning ilk transferlaridan biri aynan Odriosola bo'ldi.

Madridliklar 22 yoshli futbolchi uchun turli bonuslardan tashqari 30 million evro to'lashdi. Bazi manbalarda hatto 40 million evro haqida ham gap bormoqda. Agar u asosiy tarkibda o'ynab ketsa, transfer qiymatiga yana 5 million evro qo'shilishi mumkin. O'tgan yili bazi o'yinlarda Karvaxal jarohat olgan paytda, uning o'rnida aslida markaziy himoyachi bo'lgan Nacho maydonga tushgandi. Endi ushbu chiziq uchun raqobat yanada ayyovsiz bo'lishi shubhasiz.

Alvaro 1995 yilning dekabrida tavallud topgan. Sosedadning "Real" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2017 yilning boshida La Ligada debyut qilgan himoyachi shu-shu jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi va bir yarim mavsumda 50dan ortiq o'yinda maydonga tushib ulgurdi.

U Rossiyadagi chempionatda Ispaniya terma jamoasi tarkibida maydonga tushmagan bo'lsa-da, avvalroq debyut qilib ulgurgandi va mundial boshlanmasidan o'n kun oldin Shveytsariyaga qarshi o'rtoqlik o'yinida gol urishga ham muvaffaq bo'lgandi. 2017 yilda Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan birga Evropa chempionatida qatnashib, kumush medalga sozovor bo'lgan.

JUNIOR VINISIUS («Real») – 45 million evro

Na Azar na Neymar. "Real Madrid" kimlarni sotib oldi?

Braziliyada uni yangi Neymar deb atashmoqda, "Real"dagilar esa Robino bilan bo'lgani kabi omadsizlik yuzaga kelmasligiga umid qilishmoqda.

Ushbu transfer o'tgan mavsum oxirida, Juniorning «Flamengo»dagi debyutidan hech qancha vaqt o'tmasdanoq sodir bo'lgandi va "Real" 17 yoshli futbolchini yana biroz vaqt Braziliyada tajriba to'plashiga izn bergandi. 2000 yilda tug'ilgan Junior Vinisius endi boshqa klublarga ijaraga berilmaydi, aynan "Real" tarkibida o'sishda davom etadi. Shuningdek, hali jismonan etuk bo'lmagan va Evropa futboliga begona bo'lgan futbolchining adaptaTsiya jarayonini ham imkon qadar yumshoq olib borish, kerak bo'lganda "Kastilya"ga yuborib, o'yin amaliyotini muntazam ushlab turish, Kazemiro, Marselo kabi braziliyalik futbolchilar yordamida Juniorning moslashishiga sharoit yaratish kabi masalalar ko'rilmoqda.

"Murabbiy men imkon qadar darvozaga yaqinroq o'ynashim kerakligi va doimo darvozabonga xavf solib turishim lozimligini aytdi",dedi Madriddagi dastlabki kunlarda intervyu bergan Vinisius.

Junior Vinisius pozitsiya jihatidan chap qanot vingeri yoki o'rni kelganda hujumchi ham bo'lishi mumkin. Yani, qaysidir manoda Krishtianu Ronalduning maydondagi o'rniga mos keladi.

5 yoshida "Flamengo" akademiyasidan o'rin olgan bolakay yuqorida aytilganidek, 2017 yilning mayida asosiy tarkibda debyut qildi va o'sha o'yin yakunlanishi bilan klub bilan 2022 yilgacha yangi shartnoma imzoladi. Oradan o'n kun o'tib esa, "Qirollik klubi" rasman Junior borasida "Flamengo" bilan kelishuvga erishilganini malum qildi.

U Braziliyaning ham turli yoshdagi terma jamoalarida ham muvaffaqiyatli to'p surgan. 17 yoshgacha bo'lgan tarkibda 22 o'yinda maydonga tushib, 19 gol urganining o'zi ham Vinisius bekorga Neymar bilan tenglashtirilmayotganini ko'rsatib turibdi.

"O'zbek" saytlari asosida hala-madrid.uz uchun Murodbek SHarifov maxsus.


Muallif: El Capitano |
Teg: Real Madrid, Alvaro Odriosola, Vinisius Junior
Iltimos, saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o`zingizga yoqqan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!
Barcha izohlar (2)
Siz yangilikga fikr bildirmoqchi yoki boshqalarni fikrni o'qimoqchi bo`lsangiz, avval ro`yxatdan o`ting!
Hoziroq: Ro`yxatdan o`tish
Reklamaga
King of the mach
Toni Kroos | "Selta"ga qarshi kechgan bahsda yarim himoyada ajoyib o'yin ko'rsatdi va gol ham urdi. U (8.2 ball) jamg'arib uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.