Zidan effekti, “Real” irodasi, ajoyib qaytish, to‘purar himoyachi – chempionlikga nazar


​​​​Xabaringiz bor, 19 iyul kuni Ispaniya chempionati nihoyasiga etdi. G‘olib va sovrindorlar, evrokuboklarga chiqqanlaru kuchlilar safini tark etganlar uzil-kesil rasman aniqlandi.
  • "Real Madrid" – 34 karra Ispaniya chempioni!
Uzoq davom etgan mavsumda chempionlikni "Real Madrid" qo‘lga kiritdi. Messiga muxlislik qiladigan va Ronaldusiz "Real Madrid" tarafdorlari chinakamiga murosasiz kurash shohidiga aylanishdi.

Karantingacha "Barselona" Yetakchilik qildi. Ammo restartdan keyingi o‘yinlar kataloniyaliklar uchun og‘ir kechdi, "Qirollik klubi" uch yillik tanaffusdan so‘ng shohsupaga ko‘tarildi. Bu mamlakat chempionatlari tarixida “Real”ning 34-oltin medali ekani tahsinga loyiq!

Zidan effekti, “Real” irodasi, ajoyib qaytish, to‘purar himoyachi – chempionlikga nazar
  • "Real Madrid" ning irodasi
"Real Madrid" Evropa Chempionlar Ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritishi ancha osondek tuyuladi. Lekin La Ligaga kelganda, jamoaga ko‘p hollarda nimadir etishmay qoladi. Ichki chempionatning eng ko‘p g‘olibi aynan madridliklar. Ammo oxirgi yillarda "Qirollik klubi" uloqni azaliy raqibi “Barselona”ga berib qo‘yayotgandi.

"Qaymoqranglilar" oxirgi 10 yilda La Ligada 3 marta 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "ko‘k-anor ranglilar" 6 bor g‘oliblikka erishgan.

Umuman olganda, madridliklar mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi. Biroq yakun chiroyli chiqdi. Yanvarda jamoa o‘yinida o‘zgarish bo‘ldi. Zidan shogirdlari ayrim durang yoki yirik g‘alabalarni aytmasa, minimal hisobda zafar quchish evaziga sovrin sohibiga aylandi. Jamoaning eng katta yutug‘i "Barselona" va "Atletiko"ni mag‘lub etganida, Zidanning har qanday sharoitda ham ishlay olishida. Ya’ni ayrim futbolchilar uning taktikasiga tushmasa, qaysarlik qilsa-da, trener hech kimni hafa qilmagan holda ichki muhitni ushlab turdi. Avvallari "Real Madrid"da ichki muhit bilan bog‘liq ko‘plab muammolar chiqardi va bu jamoaning natijalariga ta’sir o‘tkazmay qolmasdi.
  • Zinedin Zidanning effekti
Zinedin Zidan 2018 yili "Real Madrid" bilan EChLni yutib, jamoani yorug‘ yuz bilan tark etishga qaror qildi. U sovrinlarni qalashtirib tashlasa ham Madridda ishlash oson emasligini yaxshi bilardi. Chunki unga Florentino Peres degan qudratli inson rahbarlik qilardi.



Peresning yoqimtoy futbolchilari borligi va u doim murabbiylarga qaysidir o‘yinchini maydonga tushirish kerakligini aytardi, murabbiylarning ishiga aralashardi. Bu esa trenerlarga yoqmasligi aniq. Ulardan biri Garet Beyl. Shu kabi omillar frantsiyalik murabbiyning ketishiga sabab bo‘lgandi.

Uelslik "topilma"ni Zidan o‘z yo‘rig‘iga sola olmadi. Lekin uning ichki muhitga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymadi. Qanday qilganini bilmadik, ammo u buning uddasidan chiqdi. Biroq mavsum davomida Garet o‘zining xurmacha qiliqlari bilan namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, oxirgi turlarda uchrashuv tugamasidan maydonni tark etishi, zaxirada uxlab o‘tirishi... Endi Beylni Peres ham jamoadan tezroq ketkazish payiga tushib qolgan. Har holda "Real Madrid"dek jamoaga bu kabi illatlar to‘g‘ri kelmaydi.



O‘tgan yilgi mavsum oxirlarida Zidan "Real Madrid"ga qaytdi. Qarasaki, u qurgan imorat deyarli buzilib ketibdi. U binoni yana qaytadan qurdi. Kerakli pallada jamoani o‘zining avvalgi "Real"iga aylantirdi. Endi EChL javob bahsida, garchi angliyaliklar Madridda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, "Manchester Siti"ga oson bo‘lmaydi. Gvardiola–Zidan qarama-qarshiligini kutayotganlarga alangali salom.
  • To‘purar sardor himoyachi
"Qirollik klubi" Ronaldudan so‘ng o‘zini o‘nglashi qiyin kechdi. Boz ustiga, Zidan ham ketgandi. Biroq ma’lum vaqtdan keyin jamoada etakchilar paydo bo‘ldi. Ulardan biri Serxio Ramos. Sardor chinakam yetakchi ekanligini isbotladi. Qiyin pallalarda penaltidan to‘p tepishni zimmasiga oldi va Ronaldu va Messi 11 metrdan gol ura olmagan paytlarda u jarima zarbasini bexato bajardi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, Ramos La Liganing bu mavsumida 11 ta gol urdi. Undan ko‘proq gol urish faqat Benzemaga nasib etdi – 21.

  • "Oltin to‘p"ga asosiy da’vogar edi
Karim Benzema ancha yillar Krishtianu Ronalduning soyasida qolib ketdi, tanqidlarga uchradi. Biroq oxirgi ikki yilda jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi.

Darvozaga teskari turgan holatda ham to‘p kirita olishi unga muxlislik qilayotganlarning yanada ko‘payishiga sababchi bo‘ldi. Karimning gollari "Real Madrid"ga muhim g‘alabalarni taqdim etdi.



Mojaro sabab oxirgi yillarda Frantsiya terma jamoasidan chetda qolayotgan hujumchi mavsumni ajoyib o‘tkazdi. Ko‘plab ekspertlar va mutaxassislar aynan Benzemani "Oltin to‘p" uchun asosiy da’vogarlardan deya fikr bildirayotgandi. Ammo sovrin tashkilotchilari bu yilgi pandemiya holatidan kelib chiqib, joriy yil "Oltin to‘p"ni hech kim olmasligini bildirishdi. Shu tariqa, shaxsiy sovringa juda yaqin kelgan Benzema undan mosuvo qoldi.
  • Ajoyib qaytish
Marko Asensio jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi. Iqtidorli futbolchi sabr bilan shu kunlarni engib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qanday kunlarni boshidan o‘tkazganini, lekin mashg‘ulotlardan to‘xtamaganini ma’lum qilib bordi. Natija esa barchaga ayon.
Asensio yoki Zidanning "yoqimtoyi", yoki juda ham omadli. U ajoyib kambekni amalga oshirdi. Futbolchi 18 iyun kuni maydonga qaytdi. 74-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va shu daqiqaning o‘zida gol urdi.

Yaqindagina jarohatidan forig‘ bo‘lgan Markoga murabbiy keyingi uchrashuvlarda ham imkoniyat berdi. U esa bundan samarali foydalanib, avvalgi holatiga qaytayotganini isbotladi.

  • Eng yaxshi darvozabon
"Real Madrid" La Ligada eng kam gol o‘tkazgan jamoa. Buning ortida Kurtuaning katta mehnati yotibdi.

Mavsum boshida Tibo Kurtua eng yomon davrlarni boshidan kechirdi. Uning sha’niga otilmagan tosh, aytilmagan tanqidlar qolmadi. Har turdan keyin Kurtuganing salbiy natijalari aks etgan karikaturalar chop etildi. Biroq belgiyalik posbon chalg‘imay, o‘z ustida ishlashda davom etdi: "yomon start – ajoyib finish".



Ayniqsa, restartdan keyin Kurtua jamoasini ajoyib seyvlari bilan muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Shu bois u mavsumning eng yaxshi darvozaboniga beriladigan Samora sovrinini qo‘lga kiritdi. 28 yoshlik posbon chempionatda 34 o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol o‘tkazdi va 18 uchrashuvda darozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Natijada 2008 yildan beri ilk bor Samora sovrinini qo‘lga kiritgan "Real Madrid" posboni Kurtua bo‘ldi. So‘nggi bor madridliklar safida ushbu sovringa Iker Kasilyas ega chiqqandi.

Qayd etish joiz, Kurtua "Atletiko" safida ham bu sovrin bilan ikki bor taqdirlangandi.
  • O‘rinlar
Ispaniya klublari uchun EChL guruh bosqichiga 4 ta yo‘llanma ajratilgan. Ular «Real», "Barselona", "Atletiko", "Sevilya"ga nasib etdi.

Evropa Ligasi guruh bosqichiga esa 2 ta: "Vilyarreal", "Real Sosedad".
Evropa Ligasi saralash bosqichida 7-o‘rinni egallagan "Granada" qatnashadi.

"Leganes", "Malorka", "Espanol" Segundaga tushib ketdi.

La Ligaga "Kadis" va "Ueska" klublari chiqishdi. Uchinchi jamoa "Saragosa", "Almeriya", "Jirona" va "Elche" klublari o‘rtasidagi pley-off bahslarida aniqlanadi.

Bekzod Isayev - maqolasi hala-madrid.uz uchun maxsus.



2 0
Saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o'zingizga yoqqan yangilikni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!

Информация
Комментировать статьи на сайте возможно только в течении 20 дней со дня публикации.