Ro`yxatdan o`tish Bosh sahifa
Reklama

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"


"Qirollik klubi" safiga Krishtianu Ronaldu "Manchester Yunayted"dan kelib qo'shilganidan so'ng, jamoasining hujumdagi asosiy figurasiga aylandi. Biroq "Real" Ronalduni qanday qilib qo'lga kiritgan ushbu maqola orqali buni sizga yoritib beramiz.

«Aniq bilardim, agar ular 80 million funt taklif qilishsa, Krishtianu ketardi. Biz uning Pireney orollariga qaytish va Di Stefano-yu Zidanlar kiygan libosni o'z egnida qanday turishini ko'rish orzusidan qaytara olmasdik», - deb eslaydi Aleks Fergyuson.

2003 yilning 6 avgustida "Sporting" va "Manchester Yunayted" "Joze Alvalade"da yangi mavsumni ochib berishdi. O'rtoqlik o'yinining birinchi bo'limi tugagach, holdan toyib, bir alfozga kelib qolgan Jon O’Shi Fergyusonga yuzlanadi: «Men umrimda bunaqa o'yinchini ko'rmaganman. Boss, uni sotib olaylik!»

«Hammasi joyida. Uni daftarchamga yozib qo'yganman», - Fergi go'yoki xotirjam ko'rinardi, ammo ichida g'alayon ko'tarilgani aniq. O'yin tugashini kutmasdan, u yordamchisini klub ijrochi direktori Piter Kenonning oldiga jo'natgandi - bolakayni tezda sotib olish kerak.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

Bir yil oldin Manchesterga "Sporting"dan kelgan Karlos Keyrush orqali Fergyuson Ronaldu haqida xabar topib ulgurgan, ammo maydonda ilk bor ko'rayotgandi.

- Pit, biz bu yerdan usiz ketmaymiz.

- U shunchalik zo'rmi?

- Ana, Jondan so'ra! Maydondan sudralib chiqib ketdi, hali uning o'rniga zaxiradan futbolchi tushirishim kerak.


Malum bo'lishicha, "Real" ham Ronaldudan xabar topgan va "Sporting"ga 8 million funt taklif kiritib ulgurgan ekan. Fergyuson o'ylab o'tirmadi - "9 million vada qil!"

2003 yilning 12 avgustida Ronaldu Manchesterga keldi.

Jahon chempionati. 2006 yil. Chorak final. Portugaliya - Angliya. Yosh Runi bilan Karvalyu to'qnashdi. Har ikkalasi ham to'p uchun kurashayotgandi, ammo Runi raqibining oyog'ini bosib oldi. Balki Orasio Elisondo Runiga qizil kartochka ko'rsatmoqchi ham emasdi, lekin Ronaldu aralashib, qizil so'ray boshladi. Runi portugaliyalik klubdoshini chetga surib yubordi, lekin kech bo'lgandi. Qizil. Yarim soatdan keyin Angliya penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi va uyiga ravona bo'ldi. Britaniya oroli endi Ronaldu uchun «do'zaxga aylanishi» tayin edi.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

Darhol Jorje Mendeshning telefoni tinmay jiringlagan, ularning ichida "Real"dan qilingan chaqiruvlar ham bo'lgani shubhasiz. Ammo agent barcha muzokaralarni keyinga surdi, avval Fergyuson bilan gaplashib olish kerak edi.

Krishtianuning o'zi ketmasa bo'lmasligini tushunib turgandi. Britaniya matbuoti esa, ikki yosh yulduzning birgalikdagi ilk mashg'ulotini sabrsizlik bilan kutardi. Ammo, yo'q, futbolchilar o'zlarini hech narsa bo'lmagandek tutishdi.

«U o'z mamlakatini himoya qildi, men o'zimnikini. Ha, u meni chetlattishlarini talab qildi, ammo men ham birinchi bo'limda unga sariq kartochka olib bergandim. Nima bo'libdi shunga?», - dedi Runi.

Qiziq. Aslida hammasini Fergyuson bosti-bosti qilgandi. Qizil kartochkadan keyin u darhol Runiga qo'ng'iroq qilgan va Krish bilan yarashib, vaziyatni cho'zmaslikni, to'g'ri intervyu berishni so'ragan edi. Runi murabbiyning aytganini qildi, Ronaldu "Old Trafford"da qoldi. "Real"ning navbatdagi urinishi ham besamar ketdi.

2006 yilning iyulida "Real" prezidentligiga Ramon Kalderon saylandi. U saylovoldi dasturida Kaka, Ronaldu, Robben va Fabregasni sotib olishga vada bergandi.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

2007 yilning yanvar oyida Marsa Kalderonning bayonotini chop etdi. U va jamoa murabbiyi Kapello madridliklarning asosiy nishoni sifatida Ronaldu ekanini aytdilar. Britaniyalik jurnalistlar Karringtonni o'qqa tuta boshladilar. Fergyuson hammani tinchlantirdi: «Biz o'zimiz sotmoqchi bo'lgan futbolchilarnigina sotamiz. Krishtianu Ronaldu sotilmaydi».

Ronalduning o'zi ham Keyrush va Fergyuson unga Madrid haqida gapirishni taqiqlab qo'yishganini aytadi.

O'sha paytlarda "Real" Ronaldu misolida yorqin ijrochiga ehtiyoj sezardi. Kapelloning italiyaliklarga xos zerikarli futboli "Barselona" fonida charaqlamayotgandi. Hatto chempionlik mavsumi ham madridliklarni ovutmadi, Kapello istefoga chiqarildi.

Sal avvalroq, Krishtianuning onasi Doloresh o'g'lining "Real"ga kelishini juda istashini, orzu qilishini ayta boshlagan, "Real" libosini kiyib rasmga ham tushib bergandi. Aynan o'sha kunlarda Ronaldu "Manchester Yunayted" bilan yangi shartnomaga imzo chekdi.

«Menga Ispaniya yoqishini hamma biladi. Qachondir u erda o'ynashni istayman. Lekin hozir Manchesterda baxtiyorman. Agar hozir ketmasam, bir kun, balki ikki, uch, to'rt, besh yildan keyin ketarman - shunday bo'lishiga qarshi bo'lmasdim. Hozir esa, buyuk klub safidaman», - deya intervyu berdi Krishtianu.

Portugaliyalik hujumchi 2006/07 yilgi mavsumda Premer Liganing eng yaxshi futbolchisi bo'ldi. Uning o'yini kundan-kunga ochilib borar, transfer qiymati esa, osmonga o'rlayotgandi.

«Real»ga Bernd Shuster kelgach, o'yin yaxshi tomonga o'zgara bordi, lekin baribir yorqin yulduzlar etishmasdi. Kalderon yana Manchester bilan bog'landi va hech qanday pulga transfer amalga oshmasligini eshitdi. 2008 yil bahorida "Real" qatorasiga to'rtinchi bor EChL 1/8 finalida mag'lubiyatga uchradi. Turnirda esa "Manchester Yunayted" g'alaba qozondi, Ronaldu «Oltin to'p»ning asosiy davogariga aylandi.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

«Menga Ispaniya va «Real» yoqishini ming marta aytganman. Bazida orzular amalga oshmaydi, ammo men bir kun bu orzuim amalga oshishiga ishonishda davom etaman. Manchesterda baxtliman, lekin ertaga nima bo'lishini hech kim bilmaydi», - derdi endi Ronaldu.

2008 yilning 19 iyunida, Portugaliya Evropa chempionatida nemislardan mag'lubiyatidan so'ng futbolchi yanada ochiq gapirdi va ikki klub o'rtasidagi haroratni yanada oshirib yubordi: "Real"ning taklifi hayotda bir marta bo'ladi. "MYU" rahbarlari ham, oilam ham mening istaklarimdan xabardor".

O'z avtoritetini saqlashga uringan "Yunayted" "Real"ning haddan tashqari agressiv transfer siyosati ustidan FIFAga arz qildi. Fergi esa Ronaldu va Mendeshni Keyrushning Portugaliyadagi villasiga taklif qildi. Va o'sha erda o'sha mashhur so'zlar yangradi:

«Kalderon nima degan bo'lsayam, bu yili hech qaerga ketmaysan. Sen Madridga o'tmoqchi bo'layotganingni bilaman. Ammo aynan hozir seni sotishdan ko'ra, otib tashlaganim yaxshi. Sen yaxshi o'ynashda davom etsang, senga futbol tarixidagi eng baland bahoni qo'yishadi va o'shanda sen ketishing mumkin. Agar hozir seni qo'yib yuborsam, hammasini, etiborimni butunlay yo'qotaman. Sen qo'zg'alon qilasanmi, o'ynashdan bosh tortasanmi, zaxirada o'tirasanmi, menga farqi yo'q, lekin o'ylaymanki, ish bungacha bormaydi. Shunchaki, aytmoqchimanki, bu yil seni qo'yib yuborishmaydi», - deb tushuntirdi murabbiy.

Rostan ham Fergyuson Kalderondan qattiq jahli chiqqandi. Hatto jurnalistning bu vaziyat haqidagi savoliga juda keskin javob qaytardi: «Sizlar mening shu qaroqchilar bilan kelishadi deb o'ylaysizlarmi? Hech qachon! Klublar o'rtasida hech qanday kelishuv yo'q va bo'lmaydi ham!»

2008 yil 5 avgust kuni "Real" Rafael van der Vart transferini elon qildi. Bu zaxira variant sifatida ko'rilayotgandi. Ronalduning o'zi vaziyat jiddiy ekanini angladi va uzr so'rab, "MYU"da qolishini malum qildi.

«Men bu vaziyatni ataylab sodir etmadim va hammasi uchun uzr so'rayman. Men bu mavsumda "Manchester Yunayted"da o'ynayman. Biz Fergyuson bilan gaplashib oldik va bu qaror men uchun ham, klub uchun ham to'g'ri qaror ekanini tushunib etdik», - dedi portugaliyalik yulduz.

Dekabrda Ronaldu o'zining ilk "Oltin to'p"ini oldi. Bu orada Ramon Kalderon uch yil oldin saylov natijalarini qalbakilashtirishda ayblanib, istefoga chiqarildi. Uning o'rniga vaqtincha kelgan Viente Boluda ham Ronaldu transferi deyarli hal bo'lgani haqida gapira boshladi.

Ronaldu darhol bu malumotni rad etdi: «Menga Manchester yoqadi. Bu erda men o'z uyimdek his qilaman. Biz bir oilamiz».

2009 yilning 27 mayida "Manchester Yunayted" EChL finalida "Barselona"ga imkoniyatni boy berdi. Bir oy o'tib esa, navbatdagi saylovlarda g'olib chiqqan Florentino Peres uch yilda amalga oshirilishi kerak bo'lgan yirik transferlarni mana shu yozda amalga oshirmoqchi ekanini aytdi.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

U so'nggi ikki yildagi "Oltin to'p" sohiblari Kaka va Krishtianu Ronalduni nazarda tutayotgandi. Ikkala transfer ham bozorda rekordga aylanishi ko'zda tutilgandi. Shuningdek, Riberini "Bavariya"dan sotib olish haqida ham ko'p o'ylashdi. Ayniqsa Peres. Chunki, Ronaldu haqida Kalderon oldinroq aytib qo'ygani uchun hamma bu transferni Kalderon amalga oshirgan deyishi mumkin edi. Peresga o'z yutuqlari kerak edi.

Lekin "Bavariya" Riberi borasida muzokara o'tkazishdan bosh tortdi. Peres darhol dastlabki rejaga qaytdi. Avvaliga "Milan" rahbari Adriano Galliani bilan yaqin aloqalar yordamida Kakaning transferi juda tez hal bo'ldi. Keyin esa, Florentino Gleyzerlar bilan bog'lanib, 94 million evro taklif qildi. Ser Aleks bu safar qarshi bo'lmadi. Keyinchalik Gleyzerlar bu kelishuv g'irt sport nuqtai nazaridan bo'lgani, pulning ahamiyati bo'lmagani, shunchaki, "MYU" bosh murabbiyi futbolchini sotish qaroriga kelganini aytdi.

Peres "Real" boshqaruviga kelganidan 32 kun o'tib portugaliyalik yulduz shartnomaga imzo qo'ydi. Bu bilan Florentino o'zining avvalgi prezidentdan qanchalik ustunligini namoyish etgandi.

Yaqin o'tmish: "Olti yillik muzokara. Ronalduning Madridga kelish tarixi"

Oradan bir necha yil o'tib, Fergyuson avtobiografiyasida Keyrush bilan o'sha 2003 yilning yozida kechgan suhbatni esladi:

«U biz uchun uzoq o'ynab bera oladimi?» - deb so'raydi Fergyuson.

Keyrush javob beradi:

«Aleks, agar Ronaldu biz uchun besh yil o'ynab bersa, xursand bo'laver. Biror portugaliyalik 17 yoshida begona mamlakatga kelib, besh yildan ortiq qolgani tarixda bo'lmagan».

Oltinchi yil bonus bo'lgan ekan.

hala-madrid.uz uchun - "Tribuna" nashri tarjimasi.


Muallif: El Capitano |
Teg: Real Madrid, Florentino Peres, Krishtianu Ronaldu, Manchester Yunayted, Aleks Fergyuson
Iltimos, saytimiz yanada rivojlanishi uchun, o`zingizga yoqqan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqating!
Barcha izohlar (1)
Siz yangilikga fikr bildirmoqchi yoki boshqalarni fikrni o'qimoqchi bo`lsangiz, avval ro`yxatdan o`ting!
Hoziroq: Ro`yxatdan o`tish
Reklamaga
King of the mach
Karlos Kazemiro | "Osasuna"ga qarshi kechgan bahsda yarim himoyada ajoyib o'yin ko'rsatdi. U (8.1 ball) jamg'arib uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.