Qur’adan keyin "PSJ" - "Real", "Inter" - "Liverpul" va "Atletiko" - "Manchester Yunayted" kabi juftlik o‘zaro o‘ynashini hisobga olsak, Yevropa futbolining ba’zi gigantlari turnirni 1/8 final bosqichida tark etishi aniq bo‘ladi. Shu sabab joriy mavsum ECHL bosh sovrini uchun qaysi jamoalarning imkoniyati qolganlariga qaraganda yuqoriroq ekanligi haqida suhbatlashishga qaror qildik. Keling, eng kuchlilaridan boshlaylik.
"Manchester Siti"
O‘tgan yili "SHaharliklar" uzoq kutilgan kubokni qo‘lga kiritishga bir qadam qolgandi. Ammo, ular finalda "Chelsi"ga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. APL tarixidagi eng qimmat transfer, Jek Grilish bilan kuchaytirilgan (117 million yevro) Pep Gvardiola boshchiligidagi klub bu mavsum ham bosh sovrin uchun asosiy da’vogar sifatida qaralmoqda. Qishda "Siti" Ferran Torresni 55 million yevro evaziga "Barsa"ga sotib yubordi, ammo bu sotuv jamoani umuman zaiflashtirmadi. Garchi "SHaharliklar"ning markaziy hujum pozisiyasida kamchilik bo‘lsa-da, baribir "Man Siti" tarkib jihatdan qolgan jamoalardan kuchliroq. Agar avvalroq "Siti" hujumda chizig‘i orqali ko‘pchilikni hayratda qoldirgan bo‘lsa, Ruben Dias kelishi bilan Gvardiola jamoasining himoyasi deyarli o‘tib bo‘lmas bo‘lib qoldi. Lissabondagi 1/8 finalning birinchi o‘yinida "SHaharliklar" buni isbotlashdi. Ingliz klubi tajribali "Sporting"ni ayab o‘tirmadi. "Siti" "SHafqatsizlarcha" o‘ynab, portugaliyaliklarni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.
"Bavariya"
Myunxen klubi xuddi "SHaharliklar" kabi 1/8 finalda bir qarashda oson bo‘lib ko‘rinadigan raqibga qarshi o‘ynashdi. Ammo, yosh iqtidorlar yetishtirib chiqarishi bilan nom qozongan "Zalsburg" o‘z uyida «Bavariya»ga katta muammolar tug‘dira oldi. Bundesliga klubida top darajadagi futbolchilar bor, lekin ular Avstriya "Buqalari"ga qarshi o‘yinda juda ham qiynalishdi. "RB Zalsburg"ning tezkor hujumchilari Myunxen jamoasi himoyasini sochib tashladi.
Avstriyaliklar tarixiy g‘alabaga bir qadam qolganda, ammo...
O‘yin tugashiga bir necha daqiqa qolganda Kingsli Koman gol urib, muvozanatni takladi – 1:1. Bu natija qaysidir ma’noda "Bavariya" uchun qulay hisob. Chunki ular Myunxenda yanada tajovuzkoroq o‘ynash uchun sabab bo‘ldi. Agar, mag‘lub bo‘lishganida, "Zalsburg" safarda himoyaviy o‘yin namoyish ko‘rsatishi mumkin edi. Yulian Nagelsmann qo‘l ostida Myunxen klubi Xans Flik jamoasi darajasigacha chiqqani yo‘q. Ammo shunday bo‘lsa-da, "Bavariya" har qanday turnirda favorit hisoblanadi. Xohlaysizmi, yo‘qmi, "Nemis mashinasi" Yevropaning eng barqaror jamoalaridan biri.
"Liverpul"
Yurgen Klopp jamoasi 1/8 final bosqichidan Italiya chempioni - Konte va Lukaku ketganidan keyin ham o‘zining darajasini ko‘rsata olgan "Inter"ga qarshi maydonga tushishdi. "Juzeppe Meassa"da kechgan birinchi o‘yinning birinchi taymi biroz zerikarli kechdi, ammo ikkinchi bo‘limda o‘yin biroz jonlandi va chorak final yo‘llanmasi deyarli aniq bo‘ldi. Indzagi shogirdlari o‘z maydonida Klopp boshchiligidagi mersisaydliklarga imkoniyatni boy berdi – 0:2. Ta’kidlash kerakki, Milanda, Italiyaning amaldagi chempionini mag‘lub etgan jamoa bosh sovrin uchun kurashishi aniq. Unutmaylikki, mersisaydliklar "Atletiko", "Milan" va "Portu" kabi jamoalar bo‘lgan o‘lim guruhidan o‘tib, to‘plash mumkin bo‘lgan 18 ochkodan 18 tasini ham o‘ziniki qila oldi. Shunchaki, respekt!
"Real" yoki "PSJ"
Parijliklarga pley-offning birinchi bosqichidayoq raqib borasida omad kulib boqmadi. Qur’a ularga Ispaniyaning "Real" klubini raqib sifatida tanladi. Parijda kechgan birinchi o‘yin mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi — Kilian Mbappe 94-daqiqada g‘alaba golini kiritdi. Biroq tablodagi hisob "PSJ" va "Real" o‘rtasida qanchalik katta farq borligini to‘liq ko‘rsatib bera olmaydi. "Qaymoqranglilar" o‘zlarining tajribali futbolchilardan tashkil topgan jamoasi bilan keyingi bosqichga chiqish uchun kurash olib boradi. Hech shubha yo‘qki, Madridda kechadigan o‘yin barchasini hal qilib beradi.
Parijda kechgan uchrashuvda "Real Madrid" qarshi hujumda o‘ynadi. Ammo, ular Donarumma darvozasi oldida aytarli xavfli vaziyat yarata olmadi. Neytral muxlislar ikki gigant jamoa o‘rtasidagi bahsda parijliklar ustunligini taxmin qilishmoqda. Lekin shuni ham unutmaylikki, "Real" o‘z maydonida, 60-70 ming muxlislari qarshisida har qanday jamoa qarshiligini sindira oladi. Shu sabab ushbu o‘yin g‘olibini, ECHL bosh sovrini uchun ham asosiy da’vogar sifatida qarash mumkin.
"Chelsi"
Oxirgi Chempionlar ligasida "ko‘klar" asosiy raqibi "Man Siti" ustidan g‘alaba qozonib, Chempionlar ligasi kubogini o‘ziniki qildi. Hech shubha yo‘qki, bu yil ham "aristokratlar" bosh sovrin uchun kurash olib borishadi. Yozda "Chelsi" Romelu Lukaku orqali tarkibni kuchaytirdi, ammo belgiyalik futbolchi Tomas Tuxel bilan tortishib qoldi. Lukaku va rahbariyat o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Ammo, keyinchalik barchasi iziga tushdi. Joriy mavsumda "Chelsi"ning Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq, ammo londonliklar tarkibni kuchaygani uchun emas, balki omadli qur’a tufayli. "Lill" o‘tgan yilgi Fransiya chempioniga aylangan tarkibni deyarli yarmini sotib yubordi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bu qarama-qarshilikda londonliklarning imkoniyati yuqori. O‘tgan yilgi finalda Tuxel jamoasini nimalarga qodirligini isbotladi, shuning uchun bu yil ham "aristokratlar"ni yoddan chiqarib bo‘lmaydi.
www.halamadrid.uz — uchun maxsus!
Kommentlar 1
Комментировать статьи на сайте возможно только в течении 20 дней со дня публикации.